Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash ijrochi direktori bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 4-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash ijrochi direktori Qayrat Saribay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Kengash o‘rtasidagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 15-iyun kuni Dushanbe shahrida bo'lib o'tgan mazkur forum sammitida Kengash doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Kengash faoliyatidagi ishtiroki faollashgani qayd etildi. Xususan, 2020-yildan boshlab O‘zbekistonga Kengashning insoniy o‘lchov bo‘yicha ishonch chora-tadbirlari muvofiqlashtiruvchisi vazifasi yuklatildi. Mazkur mandatni bajarish doirasida O‘zbekiston tomoni 2021-yilda “Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yoshlarning o‘rni” mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya o‘tkazdi.
Joriy yilning 12-13-oktabr kunlari Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashning oltinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham muhokama qilindi.