O‘mon Elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaydiy bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston-O‘mon munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvining Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tganini olqishladilar.
Ikki tomonlama asosda va xalqaro institutlar doirasidagi siyosiy va diplomatik hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.
Turli daraja va shakldagi bo‘lajak uchrashuvlar, jumladan, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali muhokama qilindi.