OAV vakillaridan kelib tushgan savollarga TIV matbuot kotibining javoblari

 Savol: O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasi yuqori haftaligidagi ishtirokining asosiy natijalari haqida so‘zlab bersangiz.

Javob:  

BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasining yuqori haftasi O‘zbekiston diplomatiyasi uchun juda samarali bo‘ldi.

Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya 50 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi 10 dan ziyod ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok etdi va ma’ruzalar qildi.

Turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi.

Uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirliklarining tegishli boshqarmalari tomonidan ishlar boshlab yuborildi.

7 davlat (Kabo-Verde, Seyshel orollari, Burundi, Botsvana, Liberiya, Togo, Bagama orollari) bilan diplomatik aloqalar o‘rnatildi.

Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi kengayib borayotganidan dalolat beradi.

***

Savol: Birlashgan Arab Amirliklari Elchisining Xartumdagi qarorgohiga qilingan hujumga qanday izoh berasiz?

Javob:  

Shubhasiz, Birlashgan Arab Amirliklari diplomatik missiyasi rahbarining Sudan poytaxtidagi qarorgohiga qilingan hujum qabul qilib bo‘lmas holat.

Diplomatik vakolatxonalar a’zolarining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Diplomatik vakolatxonalar binolarining daxlsizligini saqlash va diplomatik faoliyatni tartibga soluvchi qoidalarga qat’iy rioya qilish muhimdir.

***

Savol: Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotganini ko‘ryapmiz, bu mintaqada fuqarolarimizni himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Javob:  

O‘zbekistonning Isroildagi Elchixonasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ushbu mamlakatdagi vatandoshlarimiz bilan aloqani mustahkamlab, kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.

Elchixona veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar tarqatilmoqda. Xususan, raketa hujumlari paytida bomba boshpanalariga berkinish, rasmiy axborotlarga rioya qilish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston Elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo olib yurish zarurligi bo‘yicha tegishli ma’lumotlar berib borilmoqda.

Yordam yoki maslahatga muhtoj fuqarolar diplomatik missiyaga 24/7 tartibida ijtimoiy tarmoqlar va telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий