OAV vakillari bilan uchrashuv

 Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan, 2022-yil 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida milliy OAV vakillari va TIV huzurida doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat va jamoat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklar ekan, V.Norov ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarni dunyo va mamlakatda ro‘y berayotgan jarayonlar va hodisalar haqida xabardor qilishda muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘z faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishi ta’kidlandi. Tashqi siyosat idorasining matbuot vakillari bilan konstruktiv muloqot olib borish, TIV vakolatiga kiradigan barcha masalalar bo‘yicha OAV bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirish, O‘zbekiston diplomatiyasi to‘g‘risida xolis va ishonchli ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida tashqi siyosatga doir mavzularni yoritishga ixtisoslashgan tajribali jurnalistlar orasidan “Ekspert guruhi” tashkil etish rejalashtirilgani e’lon qilindi. Shuningdek, jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha OAV uchun treninglar va seminarlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistondagi islohotlar va respublika tashqi siyosatini faol yoritgani uchun qator milliy va xorijiy jurnalistlarga tashakkurnoma topshirildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий