Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida

 

2022-yil 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani qayd etilar ekan, tomonlarning siyosiy aloqalarni jadallashtirish, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirishdan birday manfaatdorligi taʼkidlandi.

Joriy yilda o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar va muzokaralar yakunlari bo‘yicha 2022-2023 - yillarda O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasida salmoqli salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, birinchi navbatda, meva-sabzavotlarning Mo‘g‘uliston bozoriga eksportini orttirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarining istiqbollari, shuningdek, Mo‘g‘uliston delegatsiyasining 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisidagi ishtiroki masalasi ko‘rib chiqildi. 

Muzokaralar yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi:

- O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2022-2023-yillarda hamkorlik dasturi;

- O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi va Mo‘g‘uliston yo‘llar va transportni rivojlantirish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi protokol.

Shu bilan birga, Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz tartib joriy etilganini eʼlon qildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий