Misr sanoatchilar assotsiatsiyasida O‘zbekiston salohiyati taqdimoti o‘tkazildi

 

2022-yil 26-may kuni Misr sanoatchilar assotsiatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir davomida Misr ishbilarmon doiralarining 30 dan ortiq nufuzli vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot ishtirokchilariga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan mustahkam huquqiy baza, xususan, soliq va boj imtiyozlari, mavjud erkin iqtisodiy zonalar hamda istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritishda beriladigan boshqa imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir ishtirokchilari ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishni taklif etdilar. 

Misr sanoatchilar assotsiatsiyasi ijroiya direktori Xolid Abdulazim so‘zlariga ko‘ra, 2022-yil 2-4-mart kunlari Qohira shahrida o‘tkazilgan “Cairo Fashion & Tex” va “Inter Leather” xalqaro ko‘rgazmalarida mamlakatimizning 20 tadan ortiq to‘qimachilik va charm sanoati korxonalari “Made in Uzbekistan” brendi ostida o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishlari, G2B va V2B shaklidagi uchrashuvlar natijasida misrlik ishbilarmonlar orasida o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan qiziqish sezilarli oshmoqda.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni o‘rnatish va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston va Misr ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, ularning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishini ta’minlash, biznes-forumlar va kooperatsion birjalarni muntazam o‘tkazib borishga kelishildi.

Misrlik tadbirkorlarga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari haqida ham atroflicha axborot taqdim etildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий