MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi to’g’risida

 

2022-yil 12-oktabr kuni Ostona shahrida Qozog'iston Respublikasi raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda MDH Ijroiya qo'mitasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida xalqaro kun tartibi va Hamdo'stlik doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil 14-oktabr kuni Ostona shahrida bo'lib o'tadigan Davlat rahbarlari Kengashi yig’ilishiga taqdim etiladigan hujjatlar loyihalari tasdiqlandi.

MDH doirasida 2023-yili ko'p darajali tashqi ishlar vazirliklariaro maslahatlashuvlarni o’tkazish rejasi hamda 2021-2030 - yillarda MDHga a’zo davlatlarning Yoshlar bo’yicha xalqaro hamkorligi strategiyasini 2023-2024 yillarga amalga oshirish yuzasidan Tadbirlar rejasi ma’qullandi.

“Hamdo'stlik sport poytaxtlari” davlatlararo dasturi qabul qilindi. Unga ko’ra, MDH sport poytaxti maqomi har yili Hamdo'stlik davlatlaridagi shaharlardan biriga beriladi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o'z nutqida O'zbekiston tomoni MDHni yanada rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini doimiy ravishda oshirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. 

Shu bilan birga, Hamdo'stlikni tez o'zgaruvchan sharoitlarga moslashtirish, inqirozli vaziyatlarga tezkor javob berish va ishtirokchi davlatlarning ularni bartaraf etish borasidagi sa'y-harakatlarini birlashtirish choralarini ko'rish muhimligi qayd etildi.

O'zbekiston tomonining MDH doirasidagi davlatlararo va mintaqalararo hamkorlik samaradorligini oshirish bo'yicha qator tashabbuslari e’lon qilindi.

MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig'ilishi 2023-yil 14-aprel kuni Toshkent shahrida o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий