Maldiv Respublikasi Ichki ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 13-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Maldiv Respublikasi ichki ishlar vaziri Imron Abdulla bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda turli yoʻnalishlardagi Oʻzbekiston-Maldiv hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, savdo, investitsiya va turizm, ayniqsa, “ziyorat turizmi” yoʻnalishlaridagi aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari borligi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida erishilayotgan natijalarga yuksak baho berildi.
Maldiv tomoni Oʻzbekistonning huquqni muhofaza qilish, xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, oʻz fuqarolarini ziddiyatli hududlardan qaytarish, ularni reabilitatsiya va jamiyatga reintegratsiya qilish sohasidagi tajribasini toʻliq oʻrganish niyatida ekanligini maʼlum qildi.
Ikki tomonlama kun tartibining barcha yoʻnalishlarida aloqalarni rivojlantirish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan kelishuvga erishildi.