Malayziyaning O‘zbekistondagi Elchisi bilan uchrashuv
2024-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Malayziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ilhom Tua Bin Illias bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Malayziya sammiti va 2024-yil may oyida Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi.
Barcha ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning yuqori dinamikasi, barcha darajadagi delegatsiyalar almashinuvi faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kimyo sanoati, energetika, raqamli texnologiyalar, elektrotexnika, halol sanoat, islom moliyasi va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishdan manfaatdorlik tasdiqlandi.
2025-yilda ushbu tashkilotga raislik Malayziyaga o‘tishini hisobga olgan holda O‘zbekiston va ASEAN o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilindi.
2025-yilda turli darajalarda rejalashtirilgan tashrif va tadbirlarning tashkiliy-mazmuniga ham alohida e’tibor qaratildi.