Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti rahbariyati bilan “Halol” sertifikatini joriy etish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Malayziyaning “JAKIM” Islom taraqqiyoti departamenti bosh direktori o‘rinbosari Dato Sirajuddin bin Suhaimi bilan videoaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning joriy yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, halol sanoat, sertifikatlashtirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirish sohasida O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini rivojlantirishning holati va ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar “JAKIM” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi vaqtini kelishib olib, uning davomida turli sohalarda mahalliy mutaxassislar uchun Malayziyaning halol mahsulot sanoati tizimi bilan tanishish va halol sertifikatlarini joriy etish maqsadida amaliy o‘quv seminari o‘tkazish rejalashtirilgan.