Londonda ta'lim sohasida O'zbekiston - Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi

 London shahrida 110 dan ortiq mamlakat, shu jumladan, O'zbekiston vakillari ishtirokida Butunjahon ta'lim forumi bo'lib o'tmoqda. 

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari Komiljon Karimov, xalq ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari Usmon Sharifxo'jayev va Prezident ta'lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarovadan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi tadbirda ishtirok etish doirasida Buyuk Britaniya rasmiy va akademik doiralari vakillari bilan qator uchrashuvlar o'tkazdi.

Xususan, Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligi ta'lim departamenti maslahatchisi Mark Henberi, Birlashgan Qirollik parlamenti a'zosi baronessa Alison Satti, "Times Higher Education" yetakchi oliy o'quv yurtlari xalqaro reytingi boshqaruvchi direktori Elizabet Sheperd, "Pearson" xalqaro ta'lim kompaniyasi vitse-prezidenti Lourens Anderson, "York Press Limited" nashriyoti raisi Habib Sayeh va boshqalar bilan muzokaralar bo’lib o’tdi. 

Uchrashuvlar yakunida O'zbekiston ta'lim tizimini modernizatsiya qilish jarayoniga Britaniya tajribasini jalb qilish, mamlakatimiz ta'lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish, talabalar almashinuvlari, o'qituvchilar malakasini oshirish, ta'lim rejalari va dasturlarini ishlab chiqish kabi qator yo'nalishlarda kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezident ta'lim muassasalari agentligi va "Kembrij University Press&Assessment" ta'lim tashkiloti o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi. Hujjat Britaniya tomonidan Prezident maktablariga kirish imtihonlarini o'tkazishga ko'maklashishni, shuningdek, qo'shma o'quv dasturlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий