Londonda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

 

2023-yilning 7-dekabr kuni Londonda gibrid shaklda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmanov va Buyuk Britaniya tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha Davlat kotibining parlamentar o‘rinbosari Leo Dokerti boshchilik qildi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston tomonidan mudofaa, ichki ishlar, investitsiya, sanoat va tashqi savdo, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari ishtirok etdi. 

Maslahatlashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqotni kengaytirish, umumiy kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish yuzasidan fikr almashildi. Siyosiy maslahatlashuvlarni strategik muloqot darajasiga koʻtarish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhim o‘rin tutdi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida, jumladan, Savdo-sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi doirasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Qoʻshma investitsion loyihalarni ishlab chiqish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va Oʻzbekistondan Buyuk Britaniyaga eksportni kengaytirish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, ilmiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, maktabgacha ta’lim, maktab, oliy va kasb-hunar ta’limi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani tasdiqlandi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim jihatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Muzokaralar yakunida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini 2024-yilda Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий