Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida

 

2022-yil 25-oktabr kuni Pusan shahrida (Koreya Respublikasi) “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pak Chin oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqotda ikki mamlakat hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibiga oid masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar 2019-yilda munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganidan soʻng savdo, investitsiya va madaniyat sohasidagi almashinuvlar yangi tarixiy bosqichga qadam qoʻyilganini oʻzaro taʼkidladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil dekabr oyida Seulga amalga oshirgan davlat tashrifi muhim voqelik boʻlib, uning pirovardida raqamlashtirish, “yashil” taraqqiyot, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish kabi hamkorlikning muhim yoʻnalishlari belgilab olindi.

Chinakam strategik sohalar hisoblanuvchi sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Vazirlar mintaqaviy xavfsizlikni saqlash va tinchlikni taʼminlash boʻyicha oʻzaro yondashuv va pozitsiyalarning oʻxshashligini qayd etdilar.

Oʻzbekiston Seulning Koreya yarim orolida mustahkam tinchlik oʻrnatish va Koreyalararo muloqotni tiklash boʻyicha saʼy-harakatlarini izchil qoʻllab-quvvatlab keladi.

Koreya tomoni mamlakatimizning Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish, Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy va transport-logistika loyihalariga jalb etish borasidagi siyosatini yuqori baholaydi.

Uchrashuvda anʼanaviy siyosiy maslahatlashuvlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning faol surʼatini saqlab qolish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий