Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati

 

2022-yil 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimizdagi Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Vazirlik xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchi-professorlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yana-da samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirganini qayd etdi.

O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu esa Bosh qomusimizda "Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat" tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.

Bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Taʼkidlash joizki, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek Davlatimiz Rahbarining Komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda "insonning qadr-qimmati, shaʼni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200 dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmokda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Taʼkidlash lozimki, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. “Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi” ekanligi belgilanmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo "Inson qadri uchun"degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi.

25-iyundan boshlangan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yana-da takomillashtiriladi.

Uning natijalariga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi.

Bugungi kunda minglab fuqarolarimiz, nuroniy va yoshlarimiz, turli millat vakillari, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman jonajon O‘zbekistonimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz o‘z takliflarini yuborishda davom etmoqdalar.

Chunki, har bir inson ushbu hujjatni meniki, Mening Konstitutsiyam deyishi, unda o‘zini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolarini yechimini unda ko‘rishi muhim.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий