Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma raisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yilning 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma raisi Norbert Lammert bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Jamg‘arma o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
N.Lammert Jamg‘arma O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Osiyo davlatlari vakillari uchun jamg’armaning yillik anjumani o‘tkaziladigan joy sifatida aynan Toshkent shahrining tanlangani buning yorqin tasdig‘idir.
Jamg‘arma rahbari tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan muzokaralarning samarali natijalarini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, jamg‘arma bilan O‘zbekiston parlamenti va siyosiy partiyalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jamg‘arma raisi o‘zaro hamkorlikni, jumladan, tajriba almashish va tashriflar tashkillashtirish amaliyotini davom ettirish orqali yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Iqtisodiyot, ekologiya, ilmiy-tadqiqot sohalarida, qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, inson huquqlari va gender tengligini ta’minlash, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Jurnalistlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Fondning “Yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash” va “Professional jurnalistlarni tayyorlash” dasturlarida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokini tashkil etishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.