Kanada Elchisi bilan uchrashuv tog’risida

 2022-yil 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Kanadaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Elison Meri Leklerni qabul qildi.

Kanada Elchisi O'zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlarni yuksak baholadi. Dunyodagi murakkab vaziyatiga qaramay O'zbekiston islohotlar yo'lidan izchil harakatlanishda davom etayotgani e’tirof etildi. Kanada Hukumati O'zbekistonga bu yo'nalishda ko`mak berishga tayyorligi aytib o’tildi.

Tomonlar hamkorlikning mavjud salohiyatidan yanada samarali foydalanish zarurligi bo`yicha kelishib oldilar. E.M.Lekler ta’kidlaganidek, rasmiy Ottavaning O'zbekiston Respublikasi bilan siyosiy muloqotni har tomonlama rivojlantirish tarafdoridir. Birinchi qadam sifatida pandemiya tufayli qoldirilgan tashqi ishlar vazirliklararo maslahatlashuvlarni o’tkazish ko’zda tutilmoqda.

E.M.Leklerning fikricha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jabhalarda aloqalarni jadallashtirish uchun qator imkoniyatlar mavjud. O'zbekiston Kanada biznesi uchun istiqbolli yo'nalish hisoblanib, mazkur mamlakat kompaniyalari respublikadagi xususiylashtirish jarayonlarida, ish o'rinlari yaratishda, "yashil texnologiyalar"ni rivojlantirishda faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda.   

Uchrashuvda ta'lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O'zbekistonda ushbu mamlakatning yetakchi oliy o'quv yurtlarining filiallarini ochish, iqtisodiyotning turli sohalarida birgalikda kadrlar tayyorlash masalasini ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdilar.

O'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tomonlar Toshkent shahrida Kanada Viza markazini ochish masalasini o'rganishga kelishib oldilar.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Kanada tomoni Afg'onistonga ko'rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun O'zbekistonga minnatdorlik bildirib, mazkur ko’mak mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashda nihoyatda  muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий