Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi to‘g‘risida

 

2023-yil 24-yanvar kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 26-yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, O'zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy, shuningdek, Tashkilotning ixtisoslashtirilgan agentliklari, mintaqaviy institutlari va affinlangan organlari vakillari ishtirok etdilar.

Yig’ilish ochilishida so’zlagan nutqida, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov 2022-yili IHT bo’yicha hamkorlar bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish doirasida va O'zbekiston raisligi konsepsiyasiga muvofiq muhim tizimli ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. 

2022-yil O'zbekiston Rahbarining tashabbusi bilan "IHTda o'zaro bog’liqlikni mustahkamlash yili" deb e'lon qilinishi Tashkilot doirasidagi hamkorlikka yangicha sur'at baxsh etdi.  Tashqi ishlar vazirlari kengashi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish bo'yicha yuqori darajadagi Muloqot platformasi yaratilishini ma'qulladi. Bu esa Prezidentiminzning yana bir tashabbusi amalga oshganidan dalolatdir. Tuzilma faoliyatini takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishning yangi mexanizmi ishga tushirildi. IHT samaradorligini oshirishga qaratilgan Yuqori darajadagi qo'mita tashkil etildi. 

Raislik jarayonida turli yo'nalishlarda qator muhim tadbirlar, jumladan, IHTni isloh qilish jarayonini muhokama qilish yuzasidan "aqliy hujum", qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xo'jaligi, turizm va boshqalar bo'yicha uchrashuv va yig'ilishlar o'tkazildi. Qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlik to'g'risida Toshkent deklaratsiyasi va Turizm sohasida hamkorlik to'g'risida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Ko’hna Shahrisabz shahri 2024-yilda IHTning sayyohlik poytaxti etib belgilandi. 

B.Saidov O'zbekiston tomonining an'anaviy va yangi yo'nalishlarda davlatlararo va mintaqalararo muloqotni jadal rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi. 

IHT bosh kotibi Xusrav Noziriyning ta'kidlashicha, Tashkilot O'zbekistonning 2022-yilda IHTni yanada rivojlantirish, mintaqada o'zaro taraqqiyot va farovonlik kun tartibini ta’minlashga qaratilgan raisligini yuksak qadrlaydi. IHT faoliyatida respublikaning o'rni ortib borayotgani, bu Tashkilotning o'sishi va rivojlanishiga ijobiy hissa qo'shayotgani qayd etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mintaqaviy integratsiyani ta'minlash uchun hamkorlikni kengaytirish orqali mushtarak taraqqiyot kun tartibini boyitish bo'yicha tashabbuslarini amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi. O'zbekistonning barcha takliflari juda dolzarb bo’lgani sababli, barcha a'zo davlatlar tomonidan qo'llab-quvvatlangani e'tirof etildi.

Toshkent uchrashuvi doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish, tranzit-transport imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy o'sishning yangi nuqtalarini topish, mintaqaviy turizmni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Energetika, ijtimoiy farovonlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida kooperatsiyani har tomonlama ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Davr talabidan kelib chiqqan holda, Tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari O'zbekiston tomoniga ITHda faol va samarali raislik hamda Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig'ilishini tashkiliy va mazmuniy jihatdan yuqori darajasida o'tkazgani uchun minnatdorlik bildirdilar.

Mazkur tadbir bilan IHTda O'zbekiston Respublikasi raisligining yakunlandi. Tashkilotga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o'tdi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий