IHTning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili bilan muzokaralar

 2022-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Tarik Baxit bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Muloqotda Oʻzbekiston va IHTning afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, shuningdek, mamlakatga tez fursatlarda insonparvarlik yordami koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari muhokama qilindi.

Afgʻonistondagi mavjud vaziyat, IHTga aʼzo davlatlarning mamlakatning yangi hukumatiga nisbatan mujassamlashgan pozitsiyasini rivojlantirish, shuningdek, Afgʻonistondagi chuqur gumanitar inqirozni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.

T.Baxit Oʻzbekistonning Afgʻonistonda Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻli qurilishi loyihasini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Uning fikricha, bu Afgʻoniston uchun chinakam strategik loyiha boʻlib, mamlakatni mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik boʻgʻiniga aylantirish, yaʼni, amalda Markaziy va Janubiy Osiyoni ushbu muhim transport yoʻlagi orqali bogʻlash imkonini beradi.

Afgʻonistonning yangi hukumati tomonidan xalqaro hamjamiyat talablarini, jumladan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlariga rioya qilish masalasida bajarilishi muhimligi qayd etildi.

Tomonlar afgʻon masalasi boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий