Hindiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

 

2022-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashdi.

Hindiston TIV rahbari bugun O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan SHHT Vazirlar kengashi majlisi yakunlarini yuqori baholab, ushbu tadbirni yuqori tashkiliy va mazmunli darajada o‘tkazgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Hindiston O‘zbekistonning SHHTga raisligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va tashkilotning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

S.Jayshankar Hindiston uchun O‘zbekiston mintaqadagi asosiy hamkor ekanligi, u bilan aloqalarni kengaytirish rasmiy Nyu-Dehli tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari rivojlanishidagi ijobiy surʼat Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga, BMT va SHHT, shuningdek, “Hindiston – Markaziy Osiyo” formati doirasida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligi maʼlum qilindi.

Yangi qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, transport, savdo va sanoat sohasida kelishuvlarni ishlab chiqish, Hindistonning yirik kompaniyalarini O‘zbekiston hududida mahsulot ishlab chiqarishga jalb etish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi.

Taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda Hindistonning yetakchi universitetlari filiallarini ochish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali muhokama qilindi.

Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Hindiston tomoni 2022-yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyani yuqori baholadi. Afg‘oniston masalasida maslahatlashuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий