Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv toʻgʻrisida

 2022-yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi parlament davlat kotibi Nils Annen bilan uchrashdi.

Suhbat chogʻida turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlashdan ikki mamlakat manfaatdorligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Germaniya qonun chiqaruvchi organlari faoliyatini faollashtirish maqsadida tajriba va ilgʻor amaliyot almashinuvi muhimligi qayd etildi. Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” va Oliy Majlis palatalarining Bundestag bilan hamkorlik boʻyicha deputatlik guruhlari faoliyatiga yuksak baho berildi.

Iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonga Yevropa Ittifoqining “GSP+” benefitsiar maqomi berilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Germaniyaning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim sohasidagi tajribasi hisobga olinib, bu boradagi aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий