Filippin faxriy konsuli bilan uchrashuv to‘g‘risida
2024-yil 24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Haydarov Filippinning mamlakatimizdagi faxriy konsuli Behbat Sodnom bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston-Filippin kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shu yil 17-sentabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Filippin Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Xususan, tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, Filippin kapitali ishtirokidagi O‘zbekistonda birinchi muvaffaqiyatli “Liwayway Food” korxonasi misolida qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish, sohada tajriba almashish, mehnat migratsiyasi, shuningdek, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi Ishbilarmonlar kengashi kabi o‘zaro hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yaratish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Sayyohlik almashinuvini yanada oshirish, bu boradagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.