Ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikning muhim yo'nalishidir
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvidagi nutqida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligiga e'tibor qaratdi.
Mamlakatimizda ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, "Yashil makon" umummilliy loyihasi, 2030-yilgacha bo'lgan davrda "yashil" iqtisodiyotga o'tish strategiyasi, 2030-yilgacha qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturlari doirasidagi chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar havola etildi.
Tadbir ishtirokchilarining e'tibori Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish bo'yicha ko'rilayotgan sa'y-harakatlarga ham qaratildi. Ekologik falokat oqibatlarini bartaraf etish va Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab qiladi. Shu ma’noda, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Yevropa Ittifoqining Orolbo'yi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sheriklik trast fondi faoliyatiga qo'shgan hissasini qayd etdi.
V.Norov Yevropa ittifoqini joriy yil iyul oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida qabul qilingan "Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi" dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etishga chorladi. Xususan, ekoinnovatsiyalar, energiya tejamkor va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, Yevropaning Smart-AKIS tarmog'i yordamida "aqlli" qishloq xo'jaligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini oshirish o'zaro hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari sifatida qayd etildi.
Delegatsiyalar BMT Bosh Assambleyasining "Orolbo’yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish to'g'risida" maxsus rezolyutsiyasi ijrosi doirasida kelasi yili Nukus shahrida BMT bilan birgalikda o'tkaziladigan birinchi Orolbo'yi xalqaro forumiga taklif qilindilar.