Diplomatik yangiliklar (3 – 9-oktabr)
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari tomonidan Oʻzbekistonning xalqaro imijni yuksaltirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahalliy eksportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimiz fuqarolariga xorijda samarali konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi 2 ta uchrashuv, 10 ta muzokara oʻtkazib, ularning yakunlari boʻyicha aniq 7 ta kelishuvga erishdi.
Elchixona koʻmagi bilan Toshkent arxitektura-qurilish instituti ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar boʻyicha prorektori R.Nurimbetov va Malayziya Arxitektorlar uyushmasi vitse-prezidenti A.Aziz oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida akademik almashinuvlar boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, onlayn maʼruzalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi kelishuvlarga erishildi
Oʻzbekistonning Misrdagi Elchixonasi ham ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Misrga amaliy tashrif bilan borgan Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qohirada oʻtkazilgan Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasining (World Cotton Research Conference) yopilish marosimida ishtirok etdi. Oʻz navbatida, vazir Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish imkoniyatlari yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.
Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi maslahatchisi etib saylandi va xalqaro tashkilotning doimiy aʼzosi sifatida ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari ikki nafar yoshi keksa fuqarolarimiz “Sharja” xalqaro aeroportining tranzit hududida boʻlib turgan vaqtida oʻzlariga tegishli boʻlgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini yoʻqotib qoʻyganliklari yuzasidan masalani atroflicha oʻrganishdi.
Bosh konsulxona xodimlari qiyin ahvolda qolgan keksa hamyurtlarimizga konsullik-huquqiy yordam berish maqsadida Sharja xalqaro aeroporti huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining masʼul hodimlari bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida fuqarolarimizga bepul mehmonxona, uch mahal ovqat va Sharja-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha bepul aviachipta bilan taʼminlash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekistonning Ostona shahridagi Elchixonasida Qozogʻiston hududida istiqomat qilib kelayotgan hamda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan, ushbu qoʻshni mamlakat oliy bilim yurtlarida tahsil olayotgan talabalar va yurtdoshlarimiz ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Muloqotda mamlakatimiz hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi. Yoshlarni oʻzini qziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tashqi ishlar vazirligi
Matbuot xizmati.