Chexiya Respublikasi Elchisi bilan uchrashuv
2024-yil 6-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Chexiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Lubomir Frebort bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash masalalari, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, turli sohalardagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari, ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, tomonlar yaqin istiqbolda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishning borishini muhokama qildilar.