Buxoroning investitsiyaviy salohiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda mamlakatimizning Yevropa, Osiyo-Tinch Okeani, Markaziy Osiyo mintaqalaridagi vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan mavjud va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari Bobur Usmanov va Muzaffar Madrahimov, viloyatning barcha tuman hokimlari hamda mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishdi.
Ispaniya, Hindiston, O‘mon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Eron, Kuvayt, Latviya, Germaniya, Indoneziya va BAAdagi elchilar qishloq xo‘jaligi, turizm, oziq-ovqat, sanoat va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq takliflar kiritdilar. Jumladan, xorijiy investorlar bilan aloqalarni kuchaytirish, chet elda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarga oid savdo uylarini tashkil etish masalalari bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.