BMT QBOKB hududiy vakolatxonasi boshlig‘i bilan uchrashuv

 2022-yilning 7-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (QBOKB) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Xans Shodder bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va QBOKB o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

G‘.Fozilov O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, milliy qonunchilikni bu boradagi jahon andozalari bilan uyg‘unlashtirish, majburiyatlarni samarali bajarish, xalqaro institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida QBOKB delegatsiyasiga ma’lumot berdi.

X.Shodder O‘zbekistonning fuqarolik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tajribasini, jumladan, yangi tahrirda “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganini yuqori baholadi. Taʼkidlanganidek, respublikaning bu boradagi amaliy chora-tadbirlari butun dunyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kamaytirish boʻyicha global saʼy-harakatlarga uzviy mos keladi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. X.Shodder O‘zbekiston tomoniga BMT QBOKBga Afg‘oniston uchun insonparvarlik yuklarini yetkazishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий