BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyutsiyani ma’qulladi

 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.

Rezolyutsiyaga 30 dan ortiq aʼzo davlatlar, jumladan, Armaniston, BAA, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Iordaniya, Jazoir, Kuvayt, Marokash, O‘mon, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Senegal, Singapur, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlar hammualliflik qildilar.

Rezolyutsiya konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaning asosini tashkil etuvchi konseptual qoidalar inobatga olingan.

Qarorda taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bogʻliq. O‘zbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Mintaqa davlatlarining mavjud ijobiy tajribasi asosida giyohvandlik muammosini hal qilishga global yondashuv doirasida giyohvandlikka qarshi samarali hamkorlikka intilishi ta’kidlangan.

Hujjatda giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, strategik tashabbuslar va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarni har tomonlama hal etishda BMT, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor taraflar tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘makni kengaytirish muhimligi qayd etilgan.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий