BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 14-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilgan O‘zbekiston bilan BMT va uning institutlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
R.DiKarlo Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyoda yangi do‘stlik, ishonch va o‘zaro anglashuv muhitini shakllantirishga xizmat qilgan O‘zbekiston Respublikasining joriy mintaqaviy siyosatiga yuksak baho berildi.
O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish borasidagi tizimli sa’y-harakatlari muhimligi qayd etildi.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari joriy yil mart oyida BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tgani bilan O‘zbekiston tomonini tabrikladi.
Uchrashuv yakunida R.DiKarlo Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonch bildirdi.