Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
2024-yil 26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Oʻzbekiston tomoni ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan Palata faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida Oʻzbekistonda, xususan, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik va kimyo sanoati sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Amerika sarmoyasi va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston-Amerika biznes forumining navbatdagi davrasini tashkil etish, O‘zbekistonda rejalashtirilgan iqtisodiy tadbirlarga, jumladan, III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga AQSh ishbilarmon doiralari vakillarini taklif etish yuzasidan fikr almashildi.