Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi yakunlari to‘g‘risida

 2023-yil 13-aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston tomoni raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar to‘rtinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi. 

Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilindi. 

Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qoʻshni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy omili sifatida Afgʻoniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga koʻmaklashish muhimligi qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Afg‘oniston hududida qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий