Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

 

2023-yil 7-mart kuni Toshkentda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Afgʻonistondagi mavjud vaziyat muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini tezkorlik bilan koʻrsatish, Afgʻonistonni mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik jarayonlariga faolroq jalb etish, shuningdek, Kobulning yangi hukumati tomonidan afgʻon ayollariga nisbatan ularning huquqlarini cheklovchi choralarni qayta koʻrib chiqishga qaratildi.

Tomonlar afgʻon ayollarining mehnat va taʼlim olish huquqini taʼminlash Afgʻoniston yangi jamiyatining ajralmas qismiga aylanishi, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni yakuniy qaror toptirishga hissa qoʻshishi kerakligini taʼkidladilar.

Delegatsiyalar Oʻzbekistonning BMT shafeligida tomonlarning oʻz majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarishga qaratilgan algoritmni tayyorlash va Afgʻoniston hukumati bilan kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ijobiy qayd etdilar.

Ishtirokchilar Afgʻonistonda joylashgan barcha terrorchilik guruhlari mintaqaviy va global xavfsizlikka jiddiy tahdid solishda davom etayotganini taʼkidlab, amaldagi de-fakto afgʻon hukumatidan mamlakatdagi terrorchilik guruhlarini yoʻq qilish boʻyicha yanada samaraliroq choralar koʻrishga qatʼiy chaqirdilar.

Tomonlar Afgʻoniston muvaqqat hukumatining narkotik tahdidi kuchayib ketishining oldini olish, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashni faollashtirish boʻyicha samarali choralar koʻrishda davom etishi muhimligini taʼkidladilar.

Tadbirda Tunsin Deklaratsiyasiga muvofiq Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlarining 4-yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий