Afg‘oniston bo‘yicha C5+1 formatida (Markaziy Osiyo+AQSH) maxsus vakillar darajasidagi maxsus sessiya yig‘ilishi to‘g‘risida
2023-yil 27-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Afg‘oniston bo‘yicha C5+1 maslahatlashuv formatida maxsus vakillar darajasidagi (Markaziy Osiyo+AQSH) maxsus sessiya yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir davomida afg‘on inqirozini hal etish, mamlakatga tez fursatda gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakatning yangi hukumatiga nisbatan mujassamlashgan pozitsiyasini rivojlantirish, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Ishtirokchi davlatlar vakillari Afg‘onistonda inson huquqlariga rioya etilishi haqida so‘z yuritib, Tolibon tomonidan jahon hamjamiyatining talablarini bajarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Xususan, forum ishtirokchilari afg‘onistonlik ayollar va qizlarning ta’lim olish va mehnat qilish huquqlarini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish zarurligini ta’kidladilar.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning maxsus vakillari mintaqadagi terrorchilik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, shuningdek, Afg‘oniston hududini xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun xavfsiz boshpanaga aylantirishning oldini olish borasida bir ovozdan fikr bildirdi.