Adliya bo'yicha yevrokomissar bilan uchrashuv to'g'risida

 

2022-yil 6-sentabr kuni tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi adliya masalalari bo'yicha yevrokomissar Didye Reynders bilan uchrashdi.

O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligi, jumladan qonun ustuvorligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Yevropa tomoniga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli yangilanishlar haqida ma'lumot berildi. 

Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda O’zbekistondagi demokratik o'zgarishlar tufayli inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligi, so'z, din va vijdon erkinligi singari qadriyatlar jamiyat hayotida muhim o’rin tutmoqda.

Uchrashuv davomida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga alohida e'tibor qaratildi. Yangilangan Asosiy Qonun mamlakatni uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi va kafolatini yaratishga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Didye Reynders, o'z navbatida, Yevropa Ittifoqi O'zbekistonning jadal taraqqiyotini katta qiziqish bilan kuzatayotgani, shuningdek, mamlakatning demokratik institutlar faolaiyatini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, so'z va din erkinligini ta'minlashga xayrixohligini qo'llab-quvvatlayotganini qayd etdi.

Yevropa tomoni O'zbekistondagi keng islohotlar dasturini amalga oshirishda ko'mak ko'rsatish, xususan, qonun ustuvorligi sohasida qo'shma loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

O'zbekiston Konstitutsiyasiga "Inson – jamiyat – davlat" tamoyili hamda "Inson sha'ni va qadr-qimmati uchun" g'oyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Eng muhim takliflar qatorida o'lim jazosini taqiqlash, "Miranda qoidasi"ni qo'llash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquqlarini kafolatlash, “Habeas korpus”” institutini aks ettirish va boshqalarga e'tibor qaratildi.

Barcha sohalarida muntazam aloqalarni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий