Vazifalar ijrosi Qoraqalpog’iston rivojiga yangi sur’at bag’ishlamoqda

 Davlatimiz rahbari 16 dekabr kuni Nukus shahrida barpo etilgan Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tashrif buyurdi.

«Bu yer hali zo‘r bo‘ladi», «Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting», «Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar», «Qoraqalpoqni ko‘p maqtama ko‘zimcha», «Bir odamni bir odam».Ibroyim Yusupov qalamiga mansub bu satrlar xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan, dunyoning o‘nlab tillariga tarjima qilingan.

Mustaqillik yillarida shoir ijodi munosib qadrlandi. Uning she’r va publitsistik asarlari ko‘p ming nusxada chop etildi. I.Yusupov «El-yurt hurmati», «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlandi. 2004-yil unga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 21-yanvar kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomidagi maktab bunyod etish, maktab oldida shoir haykalini o‘rnatish, bosmaxona tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Shunga muvofiq, Nukusda uch qavatli zamonaviy maktab barpo etildi. Ibroyim Yusupov haykali o‘rnatilgan joy ijodkorlar, yoshlar uchun yana bir xiyobonga aylandi. Maktab qoshida kitob tarjima qilish va chop etish markazi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar, qoraqalpog‘istonlik adiblar bilan uchrashdi. Maktab o‘quvchilari Ibroyim Yusupov she’rlaridan o‘qib berdi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerni ma’naviyat maskaniga aylantirish, atoqli shoir va yozuvchilarimiz ijodini xalqimizga va butun dunyoga keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun mamlakatimizda tashkil etilgan Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomidagi maktablar bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, ular o‘rtasida ijodiy tanlovlar o‘tkazish kerak. Jamiyatda kitobsevarlik muhitini shakllantirish, ayniqsa, yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishi har tomonlama rag‘batlantirilishi lozim.

Prezidentimiz maktab-internatda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Maktab jamoasiga avtobus sovg‘a qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Nukus shahrida ish boshlagan «Samsung» zavodiga kiraverishda tosh lavhaga shunday so‘zlar yozilgan: «Ushbu maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarish zavodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-yanvardagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomidagi tashabbusi asosida barpo qilindi. 2017-yil 14-oktyabrda zavod dastlabki mahsulotini ishlab chiqardi».

Sobiq «Nukus Remmash» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha binolar qurish hisobiga barpo etilgan zavodda televizorning to‘rt va changyutgichning o‘n uch turi ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu zavodni borib ko‘rdi. Ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mahsulotlar sifati va ko‘lami bilan qiziqdi.

Bugun «Samsung» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika vositalari kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. 200 dan ortiq kishi bandligi ta’minlangan yangi korxona eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan.

Bugun mamlakatimizda maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish hajmi oshdi. Aholining bu boradagi talabi qondirilmoqda. Endi bu sohada eksport hajmini oshiradigan vaqt keldi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Birgina «O‘zeltexsanoat» AK tomo­nidan umumiy qiymati 27,5 milliard so‘mlik 12 loyiha hayotga tatbiq qilindi.

Prezidentimizga «O‘zeltexsanoat» AK tomonidan kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdim qilindi. Loyihalar yarimavtomat kir yuvish mashinalari, elektr shkaflar va suv isitish moslamalari, isitish moslamalari va radiatorlar, energiya tejamkor lampalar ishlab chiqarish, maishiy texnika vositalarini sotish va texnik xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Mamlakatimizning boshqa shaharlari qatori Nukus shahri qiyofasi ham yildan-yilga go‘zallashib, zamonaviy turar joylar, istirohat bog‘lari, sport majmualari bunyod etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Nukusda yangidan qurilgan Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorati maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Sportning erkin va yunon-rum kurashi, og‘ir atletika, dzyudo, taekvondo, boks, qilichbozlik, badiiy gimnastika singari 11 turi bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan yangi sport majmuasini bunyod etish uchun 15 milliard so‘mlikka yaqin qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. Zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangan 7 sport zali, yotoqxona, oshxona, mashg‘ulotlar uchun sun’iy qoplamali sport maydonchalarida 700 dan ziyod o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ul­lanishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, ushbu sport kompleksi yuqorida qayd etilgan sport turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston terma jamoalari o‘quv-yig‘in mashg‘uloti o‘tkazadigan bazaga aylantiriladi. Majmua o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari uchun yaratilgan imkoniyatlari bo‘yicha mamlakatimizda yagona hisoblanadi.

Prezidentimiz yosh sportchilar bilan muloqot qildi.

Avvalambor shunday zamonaviy sport inshooti bilan sizlarni tabriklayman, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu maskanda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan. Endi shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuksak natijalarga erishish kerak.

Davlatimiz rahbari majmuada Qoraqalpog‘iston sport murabbiylarining malakasini oshirish markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Prezidentimiz nomidan og‘ir atletika bo‘yicha nufuzli turnirlar sovrindori Rustam Jangaboyevga uy, dzyudochi Elyor Masharipovga «Malibu» avtomobili, qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnirlar sovrindori Zaynab Dayibekovaga «Nexia» mashinasi berildi. Yosh sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Nukus shahar bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Nukusning bosh rejasi shaharni 2035-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma va aholi turar joy sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalarini qamrab olgan.

Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukusning Yernazar Olako‘z ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bergan edi. Rejaga ko‘ra, ushbu markaziy ko‘cha kengaytirilib, transport harakati uchun yanada keng qulaylik yaratish, yo‘l bo‘yida ko‘p qavatli uylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish belgilangandi.

Ayni paytda bu yerda zamonaviy loyihalar asosida 5 qavatli 30 turar joy binosi qurib bitkazilmoqda. Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan ushbu uylarda zamonaviy qulayliklar yaratiladi. Uylar 2018 yilda foydalanishga topshiriladi. Kelasi yili ushbu ko‘chada yana 20 uy quriladi.

Shaharning Abdambetov ko‘chasida ham arzonlashtirilgan uylardan iborat turar joy massivi barpo etilmoqda. Joriy yilda qurilgan ko‘p qavatli 7 uy shu kunlarda o‘z egalariga topshirilmoqda.

Massivda zamonaviy mahalla markazi, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, «Go‘zallik saloni», minibank, bolalar o‘yin maydonchalari barpo etiladi, hudud obodonlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari aholining arzonlashtirilgan uy-joylarga qiziqishi ortib borayotganini ino­batga olib, kelgusi yili bu yerda yana 15 ko‘p qavatli uy qurish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu yerda Prezidentimizning Sergeli tumaniga tashrifi chog‘ida bergan ko‘rsatmalari asosida ko‘p qavatli uylarning 1-qavatida bolalar bog‘chasi va oilaviy poliklinikani joylashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev zamonaviy shaharsozlikning ilg‘or yechimlarini o‘zida mujassamlashtiradigan, aholiga har tomonlama qulaylik yaratadigan ushbu uylarning afzalligiga e’tibor qaratdi, loyihani takomillashtirish, ko‘p farzandli oilalar va keksalarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidladi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali shifoxonasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining yangi bosh o‘quv binosini qurish, «Dianplast» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yumshoq yuk konteynerlari, polietilen qoplar va sumkalar ishlab chiqarish loyihalari ham muhokama qilinib, bu borada topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz Nukus shahridagi «Imom eshon Muhammad» jome masjidida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi davomida Nukus shahridagi «Imom eshon Muhammad» jome masjidida bo‘lib, bu yerda imomxatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi, yotoqxona, kutubxona barpo etish, masjid hududini obodonlashtirish va atrofiga devor qurish, novvoyxona tashkil qilish, hovuz, favvora va boshqa qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Bu yerda o‘tgan 11 oy davomida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Masjid ma’muriy binosining birinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘istondagi vakilligi idorasi joylashgan bo‘lib, uning barcha xonalari qayta ta’mirdan chiqarildi. Ikkinchi qavatida axborot-resurs markazi, kutubxonalar tashkil etildi. Issiq pol qurildi, eshiklari yangisiga almashtirildi. Namoz o‘qiydigan maskan rekonstruksiya qilinib, gumbaz qayta ishlandi. Masjid yonida minora, hovuz, novvoyxona, avtomobillar uchun to‘xtash joyi va boshqa qulayliklar bunyod etildi. Manzarali daraxt va gullar ekildi.

Shuningdek, masjid yonida imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

Prezidentimiz nuroniylar va imom-xatiblar bilan suhbatlashdi.

Buyuk ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitni yaratamiz. Aholi ziyorat qilib, chinakam ma’naviy ozuqa oladigan bunday ma’naviy-ma’rifiy maskanlarni yanada obod qilib, kelajak avlodlar uchun saqlashimiz kerak, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Bugun Qoraqalpog‘istonda hayot butunlay o‘zgarmoqda. Barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullar yangicha chiroy ochmoqda, zamonaviy korxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport va ijtimoiy sohaning boshqa maskanlari, kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolatdir.

 

Muallif: O'zA

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий