Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov boshlandi

 Poytaxtimiz fuqarolari tarixiy ahamiyatli kunni qarshi olmoqda. 2017-yilning 22-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Joriy yil 22-dekabr sanasi O‘zbekiston tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tarixida ilk bor Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etdi. Unda 2017-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topdi.

Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida islohotlarimiz samarasini oshirishda parlament, deputat, senatorlarning o‘rniga alohida to‘xtaldi. Xalq vakillari, xususan, mahalliy Kengashlar faoliyati tanqidiy baholandi.

Hisobotlarga e’tibor bersak, mahalliy Kengashlar faoliyatida go‘yoki ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi, lekin ular faqat raqamlarda aks etmoqda, xolos. Bizga raqamlar emas, aniq natija kerak, dedi Prezidentimiz. Ta’kidlandiki, qachonki, hududlardagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarsa, byudjet ijrosi to‘liq ta’minlansa, jinoyatchilik kamaysa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasi yaxshilansa, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ijobiy baho bersa bo‘ladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz taklifi bilan Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari ta’sis etildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi. Bu borada adolat tiklanib, Konstitutsiyamizga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda Toshkent shahri aholisi ham o‘zlari saylagan vakillari orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik jarayoni saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilikka, demokratik prinsiplar va xalqaro standartlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq olib borildi.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga munosib nomzodlar saralandi. 11 tumanning har biriga 30 deputat saylanishi belgilangan. Poytaxtimizda 330 saylov okrugi tashkil etilgan bo‘lib, 855 saylov uchastkasi saylov qonunchiligida nazarda tutilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Ayni paytda mazkur saylov uchastkalari saylovchilar bilan gavjum bo‘lib bormoqda.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga 1 ming 650 nomzod ro‘yxatga olingan. Jarayonda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 4 siyosiy partiya, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z nomzodlari bilan faol ishtirok etmoqda.

Ma’lumki, har bir tuman, mahalladagi muammolarni shu hududda yashagan fuqarogina yaxshi biladi. Shu ma’noda, Toshkent shahar tumanlarida xalq deputatlari Kengashlariga saylangan deputatlar hududni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz.

O‘zA 


Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий