Senatda TIVning 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborot eshitildi

 Senatning yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Hisobot davrida vazirlik tomonidan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida oliy darajadagi 5 ta xorijiy tashrif va 200 ga yaqin turli uchrashuvlar, onlayn muloqotlar tashkil etilgan.

Olib borilgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qator tashabbuslari xalqaro tashkilotlar doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning roliga oid rezolutsiyalarni BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan qabul qildi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi esa “Yoshlar va inson huquqlari” rezolutsiyasini tasdiqladi. 

Oliy darajadagi tadbirlar va diplomatik munosabatlar doirasida savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarga oid 365 ta ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hujjat imzolangan. 

Vazirlik iqtisodiy diplomatiyani targ‘ib qilish, shu jumladan, eksportni kengaytirish va mamlakat hududlariga investitsiyalarni jalb qilish masalalariga ustuvor ahamiyat berdi. Xususan, 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ortiq mahalliy mahsulotlar jahonning 47 mamlakatiga eksport qilingan (2021-yilda 37 ta mamlakat).

2022-yil davomida xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 276 846 ta konsullik operatsiyasi amalga oshirilgan. Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon respublikaning 6 030 nafar fuqarosi maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.

Senatorlar investitsiyalarni jalb qilish, eksportni rivojlantirish va hududlararo hamkorlik hamda turizmni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalarga qaramay, bu sohada hal etilmagan ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

Xususan, mamlakatimiz hududlarida ilg‘or, resurslarni tejovchi texnologiyalarni jalb qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator diplomatik vakolatxonalar yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmayotgani ta’kidlandi.

Senatorlar hududlararo hamkorlik va xorijiy davlatlarning O‘zbekiston shaharlari bilan qardoshlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini tubdan oshirish va ishlar natijadorligiga erishish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, mamlakatimizning tashqi siyosiy ishlar bo‘yicha idorasi milliy turistik mahsulotini ommalashtirish va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilish borasidagi ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida sezilarli choralar ko‘rishi zarurligi qayd etildi.

Keng va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Manba: https://senat.uz/ru/plenary-sessions/post-651

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий