Sanoatni yanada rivojlantirish va ulkan bunyodkorlik ishlari istiqbollari

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi.

Toshkent viloyati yuksak iqtisodiy salohiyati, ulkan tabiiy va insoniy resurslari, rivojlangan transport kommunikatsiyalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutadi. Viloyatda kimyo sanoati, neft-kimyo, qora va rangli metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik va metallni qayta ishlash kabi zamonaviy sanoat tarmoqlari yaxshi rivojlangan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 13-apreldagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Angren” maxsus industrial zonasi bu boradagi salohiyatdan to‘la foydalanish, yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishda muhim omil bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-oktabrdagi farmoniga muvofiq ushbu hudud «Angren» erkin iqtisodiy zonasi, deb ataldi, imkoniyatlari va imtiyozlari yanada kengaytirildi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 20-sentabr kuni Angren shahriga tashrif buyurib, ushbu zonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik investitsiya loyihalari bilan tanishgan edi.

Ulardan biri Xitoyning «Poli teknolojiz» kompaniyasi bilan hamkorlikda konveyyer lentalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarish loyihasidir. Loyihaga ko‘ra, yiliga 100 ming pogon metr konveyyer lentasi, 200 mingta qishloq xo‘jaligi texnikasi shinasi, 3 million dona avtomobil shinasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Angren shahriga tashrif buyurib, mazkur loyiha ijrosining borishi bilan tanishdi.

Konveyyer lentasi va shinalar sanoat, qishloq xo‘jaligi, umuman, odamlar hayoti uchun eng zarur mahsulotlardan hisoblanadi. Ular hozircha xorijdan olib kelinmoqda. Bu tovarlarni mamlakatimizda ishlab chiqarish import o‘rnini to‘ldirish, valyuta mablag‘larini tejash, shu bilan birga, eksportdan foyda topish imkonini beradi.

Bu zavod mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega, dedi Prezidentimiz. Bu yerda jahon standartlariga mos, yuqori sifat va keng nomenklaturadagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Odamlar barqaror daromad manbaiga ega bo‘ladi, hayotdan rozi bo‘lib yashaydi.

Zavodda «Bars» brendi ostida 21 xil o‘lchamdagi avtoshinalar ishlab chiqariladi va «JM O‘zbekiston» qo‘shma korxonasiga yetkazib beriladi. Qishloq xo‘jaligida eng ko‘p pritsep shinasi va traktorning old shinasiga ehtiyoj seziladi. Korxonada tayyorlanadigan ushbu mahsulotlar – 140 ming dona pritsep, 60 ming dona traktor shinalari dehqon va fermerlar ishiga madad bo‘ladi. Konveyyer lentasining ham ikki xili – rezina matoli va rezina trosli turlari ishlab chiqariladi. Ichki bozorni ta’minlashdan tashqari yiliga qariyb 60 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari zavod xomashyosini mahalliylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi ishga tushgach, ushbu zavodning 50 foiz xomashyosini yetkazib beradi. Shu bilan birga, xomashyoning muqobil manbalarini izlash, xususan, yurtimizda kauchuk olinadigan daraxtlarni yetishtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Zavod ishga tushirilgach, 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalarni egallab, malakali kadr bo‘lib shakllanadi. Hozirgacha 68 mutaxassis Xitoyda malaka oshirib qaytdi. Korxona uchun mutaxassislar aniq, manzilli asosda tayyorlanadi.

Prezidentimiz «Poli teknolojiz» kompaniyasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, xususan, imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ishlab chiqarish va qayta ishlashni chuqurlashtirish bo‘yicha "O‘zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati bilan 10-yillik strategiya ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda zavodda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabr kuni korxonada birinchi shina ishlab chiqariladi va xalqaro standart olish uchun sinovga taqdim etiladi.

Shu yerda qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, «Angren» erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, Toshkent viloyatidagi bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi, xomashyosi va bozorini surishtirdi. Korxonalarni ishga tushirishda sifat va muddatga alohida e’tibor qaratish, energiya sarfini kamaytirish orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Toshkent viloyatidagi bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari negizida 18 kichik sanoat zonasi tashkil etish rejasiga alohida e’tibor qaratildi.

Toshkent viloyatining ertangi kuni bu – sanoat, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ushbu maydonlarda kichik-kichik korxonalar tashkil etib, ularning oyoqqa turib olishiga ko‘maklashish, qanday mahsulot ishlab chiqarishni bozor talabini va importni o‘rganish asosida belgilash, keyinchalik ularning faoliyatini kengaytirib borish zarur. Buning natijasida minglab ish o‘rinlari yaratiladi, moliyalashtirish bazasi ham kengayadi.

Prezidentimiz xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda «Angren» erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan namunalar namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi "O‘zbegim otlari" ot zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik va ozuqa bazasini mustahkamlash, mazkur soha uchun mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish orqali nasldor, sport va xizmat otlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 15-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

"O‘zbegim otlari" ot zavodi 1992-yil tashkil etilgan bo‘lib, maydoni 140 gektardan ortiq. Zavod qadimiy ot zotlari, jumladan, Axaltaka tulporlarini parvarishlash va ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan. Bugungi kunda bu yerda 300 ga yaqin ot parvarishlanmoqda.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Axaltaka zotli otlar bundan besh ming yil muqaddam paydo bo‘lgan. U Osiyo xalqlarining yozma manbalarida samo tulporlari, arg‘umoq, uchqur ayg‘irlar, deya ta’riflangan. Toshbitiklar, qoyalarda saqlanib qolgan suratlarning guvohlik berishicha, Axaltaka arg‘umoqlari qadimda hozirgi Farg‘ona vodiysi, Xorazm viloyati hududlarida uchragan. Bu otlar Turkmanistonda keng tarqalgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sovg‘a qilgan “Do‘stxon” laqabli zotdor ot taqdim etildi.

Ot zavodida zotdor otlarni ko‘paytirish, sohada naslchilik ishlarini yaxshilashga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari Parkentsoy suvidan unumli foydalanish loyihasi bilan tanishdi.

Har qarich yerdan unumli foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi. Tomchilatib sug‘orish usulini keng joriy qilish, tokzorlar orasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish kerakligi qayd etildi.

Parkent shahrining bosh rejasi haqida so‘zlab berildi. Bundan tashqari, Parkentning ekologik toza hududlarida dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Qurilayotgan dam olish zonalari energiyatejamkor binolardan iborat bo‘ladi.

Prezidentimiz Parkentning eng so‘lim joyida adiblar uchun 50 uy qurib berish kerak, dedi. Ular ijod qilishi uchun sharoit yaratish zarur.

Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatining asosiy turistik yo‘nalishlari namoyish etildi. Viloyat hududida Chimyon oromgohi, Chorvoq suv ombori, Ixnoj, Urungach, Shovur, Bodak ko‘llari bor. Viloyatda 45 mehmonxona, 4 turoperator, 71 sanatoriy, 1 qo‘riqxona, 5 o‘rmon xo‘jaligi mavjud. Mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha rejalar, 2017-2018-yillarda viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkich prognoz parametrlari taqdim qilindi. Chimyon oromgohida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun 500 o‘rinli zamonaviy mehmonxona majmuasi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur hududda zamonaviy osma yo‘l qurish loyihasiga ham e’tibor qaratildi. Uzunligi 2 kilometr bo‘lgan, 26 kabinadan iborat osma yo‘lni 10 oyda qurish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimiz Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida quriladigan «Qo‘sh-Chinor» mehmonxona majmuasi loyihasini ko‘zdan kechirdi. Majmuadan 130 o‘rinli mehmonxona, 60 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘rin olgan.

«Amirsoy» tog‘-chang‘i dam olish maskani bosh rejasi loyihasi zamonaviy yechimlari va ko‘lami bilan ajralib turadi. Bunda yilning turli fasllarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan tizim yaratiladi.

Prezidentimiz Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Shunday sharoit bo‘la turib, mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanmayapmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalarida tajriba sifatida mehmon uylarini tashkil etish bo‘yicha takliflar taqdim qilindi. Bunda azaliy urf-odatlarimiz asosidagi tadbirlarga sayyohlarni jalb etish, ularga milliy taomlar tayyorlash jarayonini namoyish etish va boshqa qiziqarli tadbirlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihasi bilan tanishdi. Viloyatda bu boradagi keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirishda Prezidentimizning 2017-yil 20-iyuldagi "Toshkent viloyatining ma’muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi Toshkent – Sirdaryo avtomobil yo‘li bo‘yida yangi turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari qurilishi mo‘ljallangan. Zangiota, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlari hududidan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida uy-joylar qurilishi va joylashuvi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarida 5 va 7 qavatli zamonaviy uy-joylar quriladi.

Toshkent viloyatining ma’muriy markazi yo‘q edi. Hozirgi kunda To‘ytepa shahrini viloyatning markazi sifatida qayta qurish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu borada xorijdan arxitektorlar taklif qilingan. To‘ytepa shahrining bosh rejasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz loyiha bilan tanishar ekan, Toshkent – To‘ytepa yo‘li atrofida zamonaviy uy-joylar qurish, ijtimoiy soha obyektlarini zamon talablari darajasida barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Toshkent viloyati hokimligida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Muallif: O‘zA

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий