Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston futbol bo‘yicha yoshlar terma jamoasini Osiyo chempionligi bilan tabrikladi

 Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati g‘oliblari – O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolariga

Aziz farzandlarim!

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Barchangizni futbol bo‘yicha Yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatining final o‘yinida g‘oyat og‘ir va noqulay ob-havo sharoitida tom ma’noda matonat va jasorat namunasini namoyon etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganingiz bilan o‘z nomimdan, ko‘pmillatli xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar qo‘lga kiritgan mislsiz bu g‘alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shadi.

El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o‘g‘lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi.

Barchangizni bag‘rimga bosib, sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, jonajon O‘zbekistonimizning shon-shuhratini dunyoga tarannum etishda doimo yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev


Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий