O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Bugun, 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar shu yili mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan Strategik sheriklik kengashining ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar.
Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommuniatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi ikki tomonlama loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, 2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlarini yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bilan bir-birini qutlab, mamlakatlarimizning birodar xalqlariga farovonlik va ravnaq tiladilar.