O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti bo‘yicha Qo‘shma bayonot

 

2023-yil 7-noyabr

Quyidagi bayonot matni O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatlari tomonidan O‘zbekiston-AQSH Strategik sheriklik muloqoti yillik yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha eʼlon qilindi.

 

Matn boshlanishi:

 

2023-yil 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining uchinchi sessiyasini Toshkentda olib bordi.

Ushbu muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish maqsadida tuzilgan.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik, inson mezoni va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlanib borayotgan sheriklikni muhokama qildilar. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini yakdil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Yig‘ilish ochilishida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘.Fozilov ikki tomonlama munosabatlarning bugungi faol dinamikasini hamda 2023-yil davomida tomonlar o‘rtasida strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida olib borilgan keng ko‘lamli ishlarni taʼkidlab o‘tdi.

Davlat kotibi yordamchisi D.Lu sentabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “C5+1” formati liderlari sammitida O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar yaqin siyosiy-diplomatik aloqalarni, jumladan, yuqori darajadagi almashinuv va xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Afg‘onistonda gumanitar saʼy-harakatlarni davom ettirish va “C5+1” diplomatik formati orqali konstruktiv hamkorlikni kengaytirish kabi mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Delegatsiyalar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yuqori baholab, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni davom ettirish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi islohotlarini ilgari surish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim inqirozini birgalikda hal etish istagini bildirdilar. AQSH tomoni O‘zbekistonning iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlarini olqishladi.

Vazir o‘rinbosari G‘.Fozilov O‘zbekiston inson huquqlari, jumladan, din va eʼtiqod erkinligini hurmat qilish, odam savdosi va korrupsiyaga qarshi kurashish, gender zo‘ravonligining oldini olish kabi sohalarda ortga qaytmas demokratik islohotlarni davom ettirishga sodiqligini taʼkidladi. Davlat kotibi yordamchisi D.Lu ushbu islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH hukumati o‘z yordamini oshirayotganini qayd etdi.

Tomonlar mudofaa, huquqni muhofaza qilish, chegara va bojxona idoralari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish orqali xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar.

AQSH va O‘zbekiston madaniy-gumanitar aloqalarni ham muhokama qildi. Tomonlar madaniy merosni saqlash tashabbuslarini davom ettirish, taʼlim almashinuvi va ingliz tili dasturlari muhimligini, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash zarurligini taʼkidladilar.

AQSH va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida madaniy meros bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzolandi. Ushbu kelishuv qadimiy sanʼat asarlari va artefaktlarning talon-taroj qilinishi va savdosiga qarshi kurashda diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Shartnoma ikki mamlakatga tarixiy buyum va qadimiy ashyolarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish majburiyatini yuklaydi va O‘zbekistondan noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan yoki eksport qilingan hujjatsiz ashyolarni AQSH chegaralarini kesib o‘tmasligini taʼminlaydi.

Delegatsiyalar Strategik sheriklik muloqotining sessiyalarida muhokama qilingan dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv fikr almashish jarayonini jadallashtirish maqsadida ekspertlar darajasidagi “ishchi guruhlar” yig‘ilishlarini davom ettirishni maqsad qildilar.

Vazir o‘rinbosari G‘.Fozilov va davlat kotibi yordamchisi D.Lu muloqotni yakunlab, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan birgalikda ishlash O‘zbekiston va AQSHni yanada kuchliroq qilishini taʼkidladilar.

Tomonlar 2024-yilda Vashingtonda navbatdagi AQSH-O‘zbekiston Strategik sheriklik muloqotini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий