O‘zbekiston TIV rahbari Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi 17:00 / 16.08.2023

 

2023-yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, jumladan, o‘zaro savdo hajmini 10 milliard AQSh dollariga yetkazishga alohida e’tibor qaratdilar.
 

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani, o‘tgan yili Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani qayd etildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirliklari barcha sohalardagi yaqin hamkorlikni istisnosiz yanada chuqurlashtirish uchun zarur sa’y-harakatlarni safarbar qilishga tayyorligi tasdiqlandi.
 

Suhbat chog‘ida, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi transport aloqalarida foydalanilmagan salohiyat, Markaziy Osiyodagi xalqaro tranzit imkoniyatlari, oziq-ovqat xavfsizligi, akademik va bilim almashinuvi, barqaror rivojlanish, mintaqaviy farovonlik va xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
 

Uchrashuv yakunida tashqi siyosiy idora rahbarlari o‘zaro aloqalarni sezilarli natijalar bilan boyitishga qaratilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar. Hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston keng qamrovli kun tartibining barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий