O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mart oyidagi faoliyati to‘g‘risida

 

Hurmatli kuzatuvchilar,

Tashqi ishlar vazirligining o‘tgan bir oylik faoliyati haqida brifingimizni boshlaymiz. Mart oyi O‘zbekiston diplomatiyasi uchun ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarga boy bo‘ldi.

 

 

I. O‘tgan oyda yurtimizga 65 dan ortiq xorij rasmiy delegatsiyalari tashrif buyurdi, ulardan 14 tasi yuqori darajada.

Mamlakatimiz delegatsiyalarining esa xorijga 101 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berdik.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Turkiya, Yaponiya, Qatar, Afg‘oniston, Vetnam, Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashriflari samarali va sermazmun bo‘ldi, ularning doirasida qator kelishuvlar imzolandi.

Jumladan, 1-2-mart kunlari tashqi ishlar vazirining Antaliya diplomatik forumidagi ishtiroki doirasida tashkil etilgan “Turkiy dunyoda institutsionallashtirish: XXI asrda Turkiy davlatlar tashkiloti” mavzusidagi panel sessiyasida jahon miqyosida mavjud geosiyosiy vaziyatning dolzarb jihatlariga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, forum doirasida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya, Kuvayt, Vengriya, Slovakiya tashqi ishlar vazirlari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotiblari, Malayziya oliy ta’lim vaziri, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti va boshqa xorijlik hamkorlar bilan ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

6-8-mart kunlari Yaponiya poytaxti Tokioga amalga oshirilgan tashrif ham “kunchiqar yurt” bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Delegatsiyamiz Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida tomonidan qabul qilindi. Suhbat siyosiy muloqotdan tortib, madaniy almashinuvlargacha bo‘lgan keng ko‘lamli ikki tomonlama masalalarni qamrab oldi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda istisnosiz barcha istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Shu bilan birga:

– Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat; adliya; ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar; yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirlari; tashqi savdo tashkiloti; xalqaro hamkorlik banki direktorlar kengashi; Liberal-demokratik partiya vitse-prezidenti, Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi; Yaponiya biznes federatsiyasining MDH mamlakatlari bilan hamkorlik qo‘mitasi, tashqi savdo kengashi, “Marubeni” korporatsiyasi; tashqi savdo tashkiloti rahbarlari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Yaponiya biznes-forumida ishbilarmon doiralar, davlat idoralari va hududlarning 300 ga yaqin vakillari ko‘plab sohalarda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildilar. Tadbir davomida bir qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.

9-mart kuni Doha shahrida Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy bilan uchrashuv bo‘lib, unda O‘zbekiston va Qatar rahbarlari tomonidan erishilgan barcha kelishuvlarning o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishi ko‘rib chiqildi.

10-mart kuni Kobulga amalga oshirilgan tashrif chog‘ida Afg‘oniston muvaqqat hukumatining bir qancha mansabdor shaxslari – Bosh vazir v.b. Mulla Muhammad Hasan Oxund, Bosh vazir o‘rinbosarlari v.b. Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy va Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri, ichki ishlar vaziri, hamda savdo va sanoat vaziri v.b. bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

18-19-mart kunlari tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Vetnamda bo‘ldi. Tashrif Bosh vazir Fam Min Chin tomonidan qabul qilinishidan boshlandi. Vetnam Janubi-Sharqiy Osiyoda eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sanaladi va mamlakatlarimiz keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Vetnam tashqi ishlar vaziri, Do‘stlik tashkilotlari ittifoqi prezidenti, Savdo-sanoat palatasi prezidenti, Vetnam Neft va gaz kompaniyalari guruhi (PetroVetnam) raisi va bir qancha yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ko‘plab mavzularni qamrab oldi. Barcha yo‘nalishlar qatorida iqtisodiy diplomatiyada ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Xanoy shahrida O‘zbekiston-Vetnam biznes-forumi doirasida bo‘lib o‘tgan samarali B2B uchrashuvlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

20-mart kuni Seul shahrida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Cho Txe Yol bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga qaratilgan keng qamrovli kun tartibi yuzasidan samarali suhbat o‘tkazildi, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi muloqotlar muhokama qilindi. Shuningdek, Koreya Respublikasining sobiq tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan ham samimiy uchrashuv tashkil etildi.

Mart oyida O‘zbekiston TIV rahbari Birlashgan Arab Amirliklari, Turkmaniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqotlar o‘tkazdi.

Toshkentda AQSh Vakillar palatasi va Senati delegatsiyalari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari bilan an’anaviy faol muloqot davom ettirildi.

Xususan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Avstriya, Gana va Belgiyaning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Shuningdek, Koreya Respublikasi va Hindistonning mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan elchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, shuningdek, “Katta yettilik” mamlakatlarining elchilari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda yangi ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini yaratish, kooperatsiya loyihalariga investitsiya jalb etish va boshqa masalalar yuzasidan umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari bilan iftorlik tashkil etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan bir oyda 50 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.

Xususan, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Ar-Riyod va Jidda shaharlarida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi o‘rinbosari, Podshoh Salmon insonparvarlik va gumanitar yordam markazi boshlig‘i, shuningdek, “ACWA Power”, “Tabuk Agricultural Development”, “Tariq M.Abu Moti”, “Al Showaier”, “Al Faris International Group” kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

2024-yilning 26-27-mart kunlari tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov boshchiligidagi delegatsiya Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Ijroiya Kengashining 219-sessiyasida ishtirok etdi. Tadbir doirasida 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib  o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Administratsiyasi va tashqi ishlar vazirligi maslahatchilari hamda YUNESKO rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘tgan oyda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi davrasi, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 16-davrasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shuningdek, vazirlikda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Misr tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik tadqiqotlar instituti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Aytishimiz lozimki, o‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunlari bo‘yicha chet davlatlar bilan aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

II. Ko‘p tomonlama diplomatiyaga to‘xtalsak, dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 30 dan ziyod xalqaro tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar.

III. O‘tgan oyda xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 2 ta hujjat kuchga kirdi va 4 ta hujjat imzolandi.

IV. Endi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Mart oyida:

- 11 947 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;

- 519 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 168 nafar fuqaromizga 21 373 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi;

- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 26 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

- 60 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 35 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 149 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 10 396 ga yaqin vatandoshlar qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 10 526 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1190 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga kelgan.

Barcha murojaatlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Bir oy mobaynida 12 829 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari Elchixonalar tomonidan rasmiylashtirilgan, shu bilan birga elektron tarzda15 199 ta viza rasmiylashtirilgan.

Hurmatli kuzatuvchilar, OAV vakillari, Vazirligimiz faoliyatiga doir sizni qiziqtirayotgan savollaringizni qabul qilishda davom etamiz. Ularni Matbuot xizmatiga yo‘llashingiz mumkin. Navbatdagi brifinglarimizda ularga javoblar taqdim etamiz.

Shu bilan mart oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий