O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil noyabr oyidagi faoliyati to‘g‘risida

 

Noyabr oyida mamlakatimiz tashqi siyosati ko‘plab tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralar va tadbirlar bilan g‘oyat sermahsul bo‘ldi.

I. Ikki tomonlama siyosiy tadbirlarga to‘xtalsak, o‘tgan davrda yurtimizga 19 ta yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 67 ta tashrifi amalga oshirildi.

Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 12 ta mamlakatga umumiy hisobda 20 ta tashrifi ishlab chiqilgan bo‘lsa, respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari darajasida 66 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berildi.

O‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha aloqalarimizni yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotlarimiz jadallashib borayotgani ham mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortayotganini yaqqol ifodalaydi.

O‘tgan oyda O‘zbekiston TIV rahbari kun tartibi ham tig‘iz bo‘ldi, turli davlatlarga ikki tomonlama uchrashuvlar uchun xizmat safarlari amalga oshirildi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tadbirlarida ishtirok etildi.

Jumladan, noyabr oyi boshida tashqi ishlar vaziri Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi forumi hamda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 16-hamkorlik forumida qatnashdi.

Ushbu tadbirlar doirasida Koreya Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazildi.

3-noyabr kuni Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etildi.

TIV rahbari 17-noyabr kuni videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan “Global Janub ovozi” ikkinchi sammitining tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Shu kunning o‘zida tashqi ishlar vaziri Ashxobod shahriga tashrif buyurib, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov janoblari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi.

Bundan tashqari O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari 19-23-noyabr kunlari Xitoyda bo‘ldi. Safar doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen tomonidan qabul qilindi.

Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan birgalikda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida birinchi strategik muloqot o‘tkazildi. Ushbu yangi format tobora kengayib borayotgan O‘zbekiston-Xitoy kun tartibini yangi amaliy mazmun bilan boyitish uchun ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini berishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining Pekindagi qarorgohida Bank prezidenti Szin Litsyun, Ipak yo‘li jamg‘armasi direktorlar kengashi raisi Szyun Chju, Xitoyning Guandun provinsiyasi gubernatori Van Veychjun va Shanxay meri Gun Chjen bilan ikki tomonlama uchrashuvlar amalga oshirildi.

Guanchjouda 300 dan ortiq tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi hamda Shanxayda 70 dan ziyod kompaniyalar ishtirok etgan biznes-muloqot o‘tkazildi. Bundan tashqari Xitoyning yetkachi korporatsiyalari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan bir qator alohida muzokaralar o‘tkazildi. Muloqotlarda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan mamlakatimizda istiqbolli qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, investitsiya va texnologiyalar jalb etish hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, TIV rahbari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 30-noyabr kuni Skopye shahrida bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari kengashining 30- yig‘ilishida qatnashdi.

Tashrif davomida:

- Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha Davlat kotibi etib tayinlangan Devid Kemeron;

- YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi;

- YXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmanov;

- Kanada tashqi ishlar vazirining parlamentar kotibi Rob Olifant;

- Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto;

- Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston TIV rahbari mamlakatizga tashrif buyurgan bir qator xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, xususan:

- Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov;

- Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi;

- Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi rahbari Roza Otunbayeva;

- O‘zbekiston va AQSh Strategik sheriklik muloqotining uchinchi yig‘ilishida qatnashish uchun Toshkentga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqotlar o‘tkazdi.

Shuningdek, O‘zbekiston TIV rahbari Malayziya tashqi ishlar vaziri Zambri Abd Qodir bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari bilan 10 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yevropa mamlakatlari va Arab davlatlarining mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan davra suhbati shaklida muloqotlar o‘tkazdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hamda vazir o‘rinbosarlari tomonidan qator uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.

7-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti uchinchi sessiyasi o‘tkazildi.

2023-yilning 21-26-noyabr kunlari Andijon shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston qo‘shma demarkatsiya komissiyasidagi O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi hukumatlari ishchi guruhlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish masalalari muhokama qilindi, chegaraning ayrim qismlarida zarur dala o‘rganishlari o‘tkazildi.

 

II. Endi e’tiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.

Dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 14 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar. O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida 7 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi.

Xususan, 13-17-noyabr kunlari Samarqand shahri Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasiga mezbonlik qildi.

 

III. Iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida 350 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator investitsiya loyihalarida ishtirok etish uchun Boliviya, Koreya Respublikasi, Pokiston, Turkiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa xorijiy davlatlardan mutaxassislarni kelishini ta’minlashga ko‘maklashildi.

2023-yilning noyabr oyida diplomatik vakolatxonalarning bevosita ko‘magida umumiy qiymati $34,1 mln.ga teng ta yangi eksport shartnomalari imzolandi.

Diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan $556,6 mln.ga teng 15 ta yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

 

IV. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 4 ta hujjat kuchga kirdi va 19 ta hujjat imzolandi.

 

V. Noyar oyida ham Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:

18 000dan ziyod O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;

255 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;

- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 114 nafar fuqaromizga 22 477 AQSh dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;

- chet elda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 21 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;

45 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;

- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 23 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.

Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 140 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 11 577 nafar vatandosh qatnashdi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 12 596 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 553 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 11 043 tasi chet eldagi vakolatxonalarimizga yuborilgan. Barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi va ularga o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Bir oy mobaynida 14 788 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 6 794 tasi elektron tarzda berilgan.

Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий