Diplomatik yangiliklar

 Mamlakatimizning xorijdagi imiji, obroʻ-nufuzi oshishi uchun har birimiz qaygʻuramiz. Ayniqsa, shu yoʻnalishda chet elda mehnat qilayotgan diplomatlarimiz faoliyati, ular oʻtkazayotgan muzokaralarning Oʻzbekiston uchun qay darajada manfaatli ekanligi haqida bilgimiz keladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bagʻishlangan yigʻilishda Elchilar faoliyatiga toʻxtalib, jumladan, shunday degan edi: “Elchi barcha xodimlaridan koʻproq ishlashi, oʻzining aql-zakovati, tashabbuskorligi va talabchanligi, bilim va salohiyati bilan  boshqalarga namuna boʻlishi lozim. U har kuni chuqur asoslangan yangi-yangi takliflar ishlab chiqib, taqdim etishi shart”.

Diplomatik vakolatxonalarimiz faoliyati haqida yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida yangi loyihaga qoʻl urdik. Bu loyihada xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan hamkorlik kelishuvlari, muloqotlar, fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida Elchixonalar va Konsullik muassasalari tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida “Diplomatik yangiliklar” berib boriladi.

Oʻtgan hafta xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz uchun samarali uchrashuv va muloqotlarga boy boʻldi.

Xususan, Oʻzbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi 4 ta uchrashuv, 1 ta tashrif, 6 ta muzokara oʻtkazib, ularning yakunlari boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi. Konsullik-huquqiy yoʻnalishda ushbu mamlakatda boʻlib turgan 5 nafar vatandoshimizga koʻmak koʻrsatildi. Ish bilan taʼminlash maqsadida murojaat qilgan fuqaromizga amaliy koʻmak koʻrsatildi.

Elchixona tashabbusi bilan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Malayziya Milliy savdo-sanoat palatasi (National Chamber of Commerce and Industry of Malaysia – NCCIM) oʻrtasida Hamkorlik memorandumini imzolash marosimi onlayn shaklda tashkil etildi.

Malayziya tomoni mazkur Hamkorlik memorandumi ikki tashkilot oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, davlatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillarini oʻzaro manfaatli hamkorligiga xizmat qilishiga ishonch bildiradi” deya taʼkidlab oʻtdi , dedi NCCIM prezidenti So Tyan Lai.

Elchixona vakillarining 8-anʼanaviy ASEAN toʻqimachilik simpoziumi ochilish marosimidagi ishtiroki doirasida ushbu tadbir tashkilotchilari bilan Malayziyada oʻtkaziladigan shu kabi simpozium va koʻrgazmalarda oʻzbekistonlik tadbirkorlarning kelgusidagi ishtirokini taʼminlashga doir uchrashuvlar oʻtkazildi.

Oʻzbekistonning Polshadagi Elchixonasi tomonidan oʻtgan haftada turli soha vakillari bilan ta muzokara oʻtkazilib, ularning har biri boʻyicha turli kelishuvlarga erishildi

Jumladan, Polshaning Universitetlar oʻrtasida akademik reytinglar boʻyicha xalqaro agentlik (IREG) rahbari V.Sivinski bilan boʻlib oʻtgan muloqotda mazkur agentlik rahbarining joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2023-yilda Oʻzbekistonda ikki davlat oliy oʻquv yurtlari rektorlari forumini oʻtkazish va oʻzbekistonlik talabalarning Polsha oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishi uchun grantlar ajratish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar 2023-yilda “IREG – akademik reytinglar” navbatdagi xalqaro konferensiyasini Oʻzbekistonda tashkil etishga kelishib oldilar.

Oʻtgan hafta davomida mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshlarimiz bilan ishlash tizimli ravishda davom ettirildi. Vatanga qaytish sertifikati va  boshqa masalalarda murojaat qilgan fuqarolarga huquqiy koʻmak koʻrsatildi.

Bundan tashqari, hafta mobaynida Jidda xalqaro aeroportida Umra ziyorati uchun borgan 1700 nafarga yaqin yurtdoshimiz bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Barcha amallarni adoga etgan yana 240 nafar ziyoratchining Jidda xalqaro aeroportidan Oʻzbekistonga qaytishiga koʻmak koʻrsatildi.

Tashqi ishlar vazirligi

Matbuot xizmati.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий