BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi rahbari oʻrinbosari bilan uchrashuv toʻgʻrisida

 

2022-yil 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi (UNAMA) rahbari oʻrinbosari Markus Potselni qabul qildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va BMTning afgʻon masalasini hal etish borasidagi saʼy-harakatlari, mamlakatning mojarodan keyingi rivojlanish jarayoni muhokama qilindi. Tomonlar Afgʻonistonning dolzarb muammolarini hal etishda BMTning muhim rolini taʼkidladilar.

M.Potsel mamlakatimiz rahbariyatining uzoq muddatli afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha olib borilayotgan siyosatini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston hukumati bilan tomonlarning majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirish toʻgʻrisidagi tashabbusini yuqori baholadi.

Shuningdek, Afgʻonistonga insonparvarlik yordam koʻrsatish, Afgʻoniston milliy iqtisodiyotini tiklash va mamlakatda turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston va UNAMA oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomonlar afgʻon muammosi boʻyicha dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий