Zayd Raad al-Husayn: «O‘zbekiston rahbariyatining jadal olib borayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu jarayonga hissa qo‘shishga tayyormiz»

 Shu kunlarda Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 37-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovdan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi holati va istiqboldagi vazifalari muhokama qilindi.

Oliy komissar mamlakatimizda keyingi paytlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, adolatga erishishni takomillashtirish, sud jarayonlarining samaradorligi va sifatini oshirish borasidagi ishlarni e’tirof etdi.

Muloqot davomida Zayd Raad al-Husaynga Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishning asosiy natijalari, shuningdek, O‘zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi haqida ma’lumot berildi.

BMT Oliy komissari 2017 yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkent va Nyu-York shaharlarida muzokaralar o‘tkazganini katta mamnuniyat bilan esladi.

Oliy komissar O‘zbekistonda hayotning barcha jabhasida davom etayotgan demokratik o‘zgarishlarni ijobiy natija sifatida baholadi. Jumladan, sud-huquq tizimidagi islohotlar, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning muhimligini ta’kidladi.

“Mamlakatingizga tashrifim chog‘ida o‘zim guvoh bo‘lganlarim, qolaversa, xodimlarimdan eshitayotganlarimni inobatga oladigan bo‘lsam, O‘zbekistonning sa’y-harakatlari xursand qiladi va umid uyg‘otadi hamda sizlar to‘g‘ri yo‘lda rivojlanayotganlaringni tasdiqlaydi”, deydi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi rahbari.

U O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil kuzida Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumini o‘tkazishga doir tashabbusini hamda mamlakatning 2021 — 2023 yillarda BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga ilgari surilganini qo‘llab-quvvatladi.

Oliy komissar o‘z boshqarmasi O‘zbekiston bilan har tomonlama samarali hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Muloqot yakunida Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga oilasi bilan norasmiy tashrif buyurish istagi borligini ham aytdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati

 

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий