O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning Aktyubinsk viloyatidagi fojiada halok bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarining oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari Qozog‘iston rahbariga samimiy hamdardlik bildirgani va qo‘llab-quvvatlagani, tashkiliy masalalarni hal etish va fojia sabablarini aniqlashda ko‘rsatilgan tezkor yordam uchun minnatdorlik izhor qildi.

Kelgusida bunday hodisalar ro‘y berishining oldini olish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari, mas’ul idoralari va tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Muloqotda, shuningdek, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyevni yaqinda AQShga qilgan rasmiy tashrifi va BMT Xavfsizlik Kengashining birinchi marta Qozog‘iston raisligidagi majlisi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Sammiti o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning uzoq istiqbolli manfaatlarini ko‘zda tutadigan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyat yaratishi alohida ta’kidlandi.

Qozog‘iston Prezidenti mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida "Afg‘oniston–tinchlik sari yo‘l" xalqaro vazirlar konferensiyasini o‘tkazish tashabbusini yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, tomonlar 2017 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi yilini o‘tkazish borasida olib borilayotgan faol tayyorgarlik ishlarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bundan buyon ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali va samarali hamkorlikni faol rivojlantirish, ko‘p asrlik do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sahifasi

 

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий