O‘zbekiston va AQSh prezidentlarining telefon orqali muloqoti haqida

 2017-yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar qilishicha, ikki davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston – Amerika xamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va AQSh rahbarlarining 2017-yil may oyida Ar-Riyod shahrida va joriy yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya, moliya, texnologiyalar sohalaridagi va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampga O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga tashrifi chog‘ida uyushtirilgan samimiy qabul, shuningdek, AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan yirik biznes-forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zi va ushbu anjumanni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

O‘z navbatida, AQSh Prezidenti O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, uning mehnatkashligi tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, jumladan, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan aniq tadbirlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

AQSh Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashda uni xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, Afg‘oniston Prezidentining dekabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan muayyan loyihalarni amalga oshirish borasidagi kelishuvlarga yuksak baho berildi.

O‘zbekiston va AQSh Prezidentlari o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqligini ta’kidladilar.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko‘rib chiqish maqsadida Prezident Donald Tramp mamlakatimiz rahbariga AQShga rasmiy tashrif bilan borishni taklif etdi.

Suhbat yakunida ikki mamlakat rahbarlari bir-birini kirib kelayotgan 2018-yil bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarni izhor qildilar.

O‘zA


Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий