O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2017-yildagi faoliyati hisoboti

 Joriy yilda milliy qonunchilik talablarini va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqqan vazifalarni, shuningdek davlatimiz Rahbarining ko‘rsatmalarini bajarish borasida vazirlik tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlash, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik makonini yaratish, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni samarali amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, chet eldagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi.

Birinchidan, O‘zbekiston tashqi siyosiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi va kengaydi, asosiy xorijiy sheriklarimiz bilan keng qamrovli hamkorlik mustahkamlandi va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmi joriy etildi.

O‘tgan yil davomida 20 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar bo‘lib o‘tdi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xorijiy hamkorlarimiz bilan tashkil etilgan turli darajadagi uchrashuvlar, muzokaralar va tashriflar natijasida 200 dan ortiq xalqaro kelishuvlar hamda 60 mlrd. dollarga teng shartnoma va bitimlar imzolandi.

Rossiya, Xitoy, AQSh va Koreya Respublikasi bilan strategik hamkorligimiz yangi darajaga ko‘tarildi. Yevropa Ittifoqi, Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki berildi. Turkiya bilan aloqalarimiz jadal tarzda rivojlanib bormoqda. Ushbu davlatga O‘zbekiston Prezidentining so‘nggi 18 yil ichida birinchi davlat tashrifi amalga oshirildi. O‘zbek va afg‘on munosabatlarining yangi davri boshlanganligidan darak beruvchi tarixiy voqea - Afg‘oniston prezidenti Ashraf G’anining O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlarimiz bilan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta’minlash maqsadida tashqi siyosiy faoliyat uchun mutlaqo yangi va samarali mexanizm - xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalarini» ishlab chiqish va qabul qilish amaliyoti joriy etildi. Mazkur mexanizm belgilangan maqsad va vazifalarga erishishda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish imkonini yaratib bermoqda. Yil boshidan buyon xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 40 dan ortiq «yo‘l xaritalari» qabul qilindi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning dastlabki 10 oyi mobaynida O‘zbekistonning chet mamlakatlar bilan tovar ayriboshlash hajmi 16,6% ga o‘sib, 22 mlrd. dollardan oshdi. Rossiya bilan o‘zaro savdo hajmi 18% ga yuqoriladi (4,01 mlrd. doll.), Xitoy bilan 15% ga (4 mlrd. doll.), Qozog‘iston bilan 12,3% ga (1,71 mlrd. doll.), Turkiya bilan 31% ga (1,23 mlrd. doll.), Koreya Respublikasi bilan esa 36% ga (1,1 mlrd. doll.) ortdi.

Ikkinchidan, biz Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratishga, mintaqadagi siyosiy ishonchni sezilarli darajada oshirishga, hamkorlikning ko‘plab sohalarida yuqori natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldik.

O‘tgan vaqt mobaynida mintaqa davlatlari rahbarlari bilan 20 dan ziyod uchrashuvlar, oliy darajadagi 10 ta davlat, rasmiy va ishchi tashriflari amalga oshirildi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi faol siyosati tufayli mintaqada nizo kelib chiqishi ehtimolligini oshiruvchi omillar deyarli bartaraf etildi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, do‘stlik va ahil qo‘shnichilik muhitini yaratish g‘oyalari amaliyotga tatbiq etildi.

Mintaqadagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat-kooperatsion, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suvdan oqilona foydalanish masalalari yechimida sezilarli darajada olg‘a siljish kuzatildi.

Qozog‘iston bilan strategik hamkorligimiz yangi iqtisodiy kelishuvlar bilan mustahkamlandi, Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolandi, Tojikiston bilan hamkorlikda esa ijobiy dinamikaga erishildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida imzolangan davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnoma tom ma’noda muhim voqea bo‘lib, bu ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sababli amalga oshdi.

Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etilishi Markaziy Osiyoning barqaror va xavfsiz rivojlanishi asoslarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Yaqinda Qobul bilan imzolangan savdo, transport, energetika va ta’lim sohalaridagi kelishuvlar ushbu davlat iqtisodiyotini qayta tiklash va uni barqarorlashtirishga muhim hissa qo‘shadi.

Mintaqa barqarorligini ta’minlash va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligini yuksaltirishga hamda umummintaqaviy darajadagi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan hamkorligimizga yangi turtki berildi, yurtimizdagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda ularning salohiyatidan keng va faol foydalanilmoqda, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tegishli «yo‘l xaritalari» qabul qilindi.

Joriy yilda global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlovchi yagona universal xalqaro tashkilot bo‘lmish BMT bilan O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirizda misli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ushbu nufuzli xalqaro tuzilma tribunasidan turib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi tashabbuslar bilan chiqdi. Birinchi marta tashkilot shafeligida Samarqandda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari, Din yoki e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi hamda Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi rahbarlarining yurtimizga tashriflari tashkilotning asosiy tizimlari bilan yaqin va samarali aloqalar o‘rnatishga yordam berdi.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiShanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasidagi ishtirokimiz faollashdi. O‘zbekiston Hamdo‘stlikning bir qator organlari ishiga qo‘shildi, milliy koordinator lavozimi Bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarildi. YeXHT Parlament assambleyasi bilan bo‘lgan munosabatlardagi «tanafus» to‘xtatildi - Oliy Majlis vakillari bu tizim faoliyatiga qo‘shilishdi. Davlatimizning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon bilan Arab iqtisodiy hamkorlik forumidagiishtiroki qayta tiklandi.

Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan aloqa qayta tiklandi, Yevropa investitsion banki bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining O‘zbekistondagi faoliyatiga qulay sharoitlar yaratib berish maqsadida ularning barcha xodimlariga nisbatan daromad solig‘i bekor qilindi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston global va mintaqaviy miqyosidagi muhim masalalar bo‘yicha o‘zining qat’iy va faol pozitsiyasiga ega ekanligini hamda xalqaro jarayonlarda chetdan kuzatib bo‘lib turish niyatida emasligini ko‘rsatdi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasi 72-chi sessiyasida, ShHT, MDH va IHT sammitlari, «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumi hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha Samarqanddagi konferensiyada dunyo va mintaqa kun tartibida turgan dolzarb masalalar bo‘yicha bildirilgan tashabbuslari O‘zbekistonning xalqaro xavfsizlikni ta’minlashdagi dolzarb muammolarni hal etish, Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surish va butun mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda faol ishtirok etishga tayyor ekanligidan darak beradi.

Yosh avlodning rivoji uchun kerakli sharoitlarni ta’minlashga, ular orasida zo‘ravonlik mafkurasi “virusi”ning tarqashilishi yo‘lida ishonchli to‘siq yaratishga qaratilgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyani qabul qilish bo‘yicha Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistonning BMT Bosh Assambleyasining «Ma’naviyat va diniy bag‘rikenglik» nomli maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha taklifi davlatimizning turli din vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga qaratilgan qat’iy intilishini ko‘rsatdi.

Ko‘pgina davlatlar va xorijiy hamkorlar Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro tadqiqot markazini va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishda o‘z ko‘magini taklif qilgani holda, ularning bazasida ekstremizmga qarshi kurashishga hamda Islom dinining insonparvarlik g‘oyalarini, Islom madaniyatining asl qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga yetkazishga qaratilgan qo‘shma loyihalarda ishtirok etmoqchilar.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahatlashuv uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiy forumlarni tashkil etish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatlarimizning tranzit-logistik salohiyatidan unumli foydalanish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbuslari barcha qo‘shni davlatlar tomonidan to‘laligicha qo‘llab-quvvatlandi.

Beshinchidan, O‘zbekiston tashqi siyosati xorijiy mamlakatlar bilan savdo-sotiq, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatga sayyohlar oqimini jalb qilish masalalarini samarali yecha boshladi.

Prezidentimiz qarori bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, texnik-moliyaviy hamkorlikni amalga oshiruvchi xorijiy vakolatxonalar va hukumatlararo komissiyalar faoliyatini yanada jadallashtirishga qaratilgan yangi normalar belgilandi. Ular ishining samaradorligini baholashning aniq mezonlari ishlab chiqildi, jumladan: «yo‘l xaritalarini» amalga oshirish, qat’iy shartnomalar tuzish, investitsiyalarni jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish kabilar.

Xorijga xizmat safari bilan chiqish va chet el delegatsiyalarining davlatimizga tashriflarini tashkil etishdagi samaradorlikni oshirish uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi. Ya’ni, xorijga maqsadsiz chiqish, tegishli tayyorgarliksiz hamda aniq natijalarga qaratilmagan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish, shuningdek, to‘liq ishlab chiqilmagan hujjat va bitimlarni imzolashga yo‘l qo‘yilmaslik mazkur qarorda ko‘rsatib o‘tildi.

Milliy mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish maqsadida AQSh, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Tojikiston kabi davlatlarda tijorat bitimlarini tuzishda hamda O‘zbekiston savdo uylarini tashkil etishda diplomatik muassasalarimiz tomonidan kerakli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, birgina Tojikistonda O‘zbekiston korxonalarining 5 ta savdo vakolatxonalari ochildi.

Chet ellik sayyohlar uchun viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Polsha va Turkiya fuqarolari uchun viza olish tartibi soddalashtirildi. Bunday imtiyozlarni yana boshqa 25 mamlakat fuqarolariga taqdim qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Singapur fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etish va elektron vizalar tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari ishlab chiqilmoqda. Yakka va guruh bo‘lib keluvchi sayyohlar uchun viza olish talablari osonlashtirildi, O‘zbekistonga «ziyorat turizmi» dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Oltinchidan, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar sezilarli kuchaydi.

Rossiya va Janubiy Koreya bilan mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan yangi kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistondan maxsus delegatsiyalar xorijga safar qilib, vatandoshlarimiz bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishmoqda. Boshqa mamlakatlardagi yirik ofatlar va baxtsiz hodisalar qurbonlari bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam berish uchun tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Vatandoshlarimizga konsullik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun yangi xorijiy vakolatxonalar ochilmoqda. Kelgusi yilda arizachining diplomatik idoralarga shaxsan borishini minimallashtirish maqsadida barcha konsullik yordamlari elektron shaklga o‘tkaziladi. 2019-yildan esa chiqish vizalari bekor qilinadi. Fuqarolikdan chiqish yoki qabul qilish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartibi tezlashtirildi. 1100 nafardan ortiq kishi mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilindi.

Aholi shikoyatlari, so‘rovlari va iltimoslarini ko‘rib chiqish va hal etish ustidan nazorat kuchaytirildi. Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi ochildi. 15-dekabr holatiga ko‘ra, TIVga fuqarolardan 6123 ta murojaatlar kelib ushdi. Ularning 5791 tasi o‘z vaqtida bajarildi, 300 tasi ko‘rib chiqilmoqda, 32 tasi esa anonim yoki javob talab qilmaydi deb topildi.

Yettinchidan, o‘ta qisqa muddat ichida xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga va mamlakatimizning xalqaro obro‘sini sezilarli darajada mustahkamlashga erishildi.

O‘zbekiston jamiyatni demokratlashtirish, inson xuquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishga qat’iy kirishgan ishonchli hamkor sifatida o‘z imidjini shakllantirdi. Jahon hamjamiyati tomonidan davlatimiz tashqi siyosatining ochiqligi, konstruktivligi va shiddatliligi alohida e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlarni nafaqat xorijiy siyosiy-ijtimoiy doira vakillari, balki Forbes, The Wall Street Journal, New York Times, Foreign Affairs, Bloomberg, BBC, The Guardian, The Financial Times, The Economist, Deutsche Welle kabi obro‘li nashriyotlar ham tan olmoqdalar.

O‘zbekiston to‘g‘risida ijobiy axborot muhitini yaratish mamlakatning dunyodagi mavqe’ini kuchaytiradi va investitsion jozibadorligini oshiradi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ishonchli tarzda MDH, Osiyo Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq, Yevropa va Amerika davlatlarining yaqin siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylanib bormoqda.

***

Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, davlat Rahbarining topshiriqlarini hamda joriy yilning may oyida TIV hisoboti natijasida qabul qilingan Oliy Majlis Senati qarorini bajarish doirasida vazirlik tomonidan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish uchun «Diplomatik xizmat to‘g‘risida», «Halqaro shartnomalar to‘g‘risida», Konsullik Nizomi, shuningdek TIV, savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar va hukumatlararo komissiyalar to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi nizomlar ishlab chiqildi. Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha Reglament hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvlar to‘g‘risida nizom loyihalari tuzildi. Bu hujjatlarning hammasi ko‘rib chiqish uchun hukumatga kiritildi.

2017-2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati Strategiyasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjatda muhim hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tamoyillar va siyosiy-diplomatik tashabbuslar o‘z aksini topgan.

Oliy Majlis Senatining yalpi majlislarida tashqi ishlar vazirining hisobotlarini tinglash, Senatning tegishli qo‘mitasida esa yangi tayinlanayotgan elchilarning taqdimotlarini o‘tkazish amaliyoti kiritildi.

Diplomatik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faoliyatini tubdan takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi Qaror loyihasi ishlab chiqildi. Vazirlikni kadrlar bilan ta’minlash konsepsiyasi, diplomatlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda kadrlar rezervini shakllantirish to‘g‘risida nizomlar qabul qilindi.

Eksportni oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonga turistik oqimni ko‘paytirishda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz duch kelayotgan muammolar to‘g‘risida Oliy Majlis Senatiga muntazam ravishda ma’lumotlar yuborilmoqda. Amaldagi va sobiq diplomatlarni jalb etgan holda «Diplomatlar maktabini» tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Viloyatlarimizning investitsiyaviy va turistik imkoniyatlari bilan dipkorpus vakillarini tanishtirish maqsadida ularning mintaqalarga ishchi safarlari tashkil qilinmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi kelgusi yilda ham barcha yo‘nalishlardagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlarini saqlash va kuchaytirish uchun keng ko‘lamli ishlarni davom ettirib, mamlakatimizning va butun Markaziy Osiyo mintaqasining tinchligi va farovonligini ta’minlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий