O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra OAV vakillari oldida so‘zlagan nutqi

 (Toshkent shahri, 2016-yil 12-noyabr)

 

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri janob Van I va u boshchiligidagi delegatsiyasi a’zolarini qutlashdan bag‘oyat mamnunman.

Janob Van Ining O‘zbekistonga tashrifini faol siyosiy muloqotning izchil davomi, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini batafsil va xolisona baholash uchun, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashish hamda ikki va ko‘p tomonlama shakldagi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining muayyan istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun yana bir imkoniyat deb bilamiz.

O‘zgarmas teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, qo‘llab-quvvatlash va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan Xitoy bilan strategik sherikchilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari O‘zbekistonda yuqori baholanadi.

Biz O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevaqt olamdan o‘tishi munosabati bilan Xitoy rahbariyati tomonidan ko‘rsatilgan dalda va e’tibor uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bugun janob Van I Samarqandga borib O‘zbekiston Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bundan biz bag‘oyat minnatdormiz.

Janob Van I bilan an’anaviy ochiq va qizg‘in muhitda bo‘lib o‘tgan mufassal va samarali muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi ko‘p tomonlama xalqaro tashkilot va institutlar doirasidagi, birinchi navbatda BMT va ShHT shaklidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning o‘xshash va muvofiqligini ko‘rsatdi.

Biz yana bir bor xitoylik hamkasblarimizga O‘zbekistonning Xitoyga nisbatan tashqi siyosatining izchilligiga, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda joriy yilning iyun oyida imzolangan va mamlakatlarimiz munosabatlarini har tomonlama strategik sherikchilik darajasiga ko‘targan Qo‘shma bayonot ruhi va tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatdik.

O‘zbekiston yana bir bor Xitoy rahbariyatining davlat yaxlitgini himoya qilish, Tayvan va Tibet masalalari hamda “uch balo” – terrorizm, ekstremizm va separatizm kuchlariga qarshi kurash bo‘yicha prinsipial siyosatini qat’iy va doimiy qo‘llab quvvatlashini ta’kidladi.

Biz Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash va dunyoning geosiyosiy jihatdan muhim hisoblanadigan ushbu mintaqasida barqaror rivojlanishning murakkab va uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qarashlarimizni tasdiqlab, mintaqaviy xavfsizlikning barcha muammolari majmui bo‘yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish zarurligini yana bir bor tasdiqladik.

Samarali iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda umummintaqaviy ahamiyat kasb etadigan loyiha va dasturlarini ilgari surish va amalga oshirishni rag‘batlantirish maqsadida birgalikda harakat qilishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Shubhasiz, madaniy va gumanitar hamkorlik, jumladan ta’lim va turizim sohalaridagi munosabatlarni mustahkamlash bizlarning do‘st xalqlarimiz manfaatlariga mos keladi.

So‘zim so‘ngida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan hamda mamlakatimiz va xalqimizga samimiy iliq munosabat ko‘rsatayotgan Xitoy Xalq Respublikasi Respublikasi Tashqi ishlar vaziri janob Van Iga o‘zimning ulkan hurmatimni yana bir bor ifoda etmoqchiman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Men so‘zni mamnuniyat bilan muhtaram mehmonimiz janob Van Iga beraman.

Anvar Ilyosov olgan surat

Вернуться назад

Комментарии

Оставить комментарий